2025-yil 17-noyabr kuni soat 09:00 holatiga ko‘ra avtomatik monitoring stansiyalari Toshkent havosida ifloslanish darajasi oshganini ko‘rsatdi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
PM10 zarrachalari 211.7 mkg/m3 bo‘ldi. Bu ruxsat etilgan me’yor — 300 mkg/m3 dan oshmadi. PM2.5 miqdori esa 139.1 mkg/m3 bo‘lib, belgilangan me’yor — 60 mkg/m3 dan 2,3 baravar yuqori qayd etildi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ko‘rsatkichlarning oshishiga haroratning keskin o‘zgarishi ham ta’sir qilgan. Bunday sharoit inversiya jarayonini kuchaytiradi, bu esa mayda zarrachalarning havoda to‘planishiga olib keladi.
Aholi va mehmonlarga ochiq havodagi faoliyatni kamaytirish, zarurat bo‘lmasa tashqariga chiqmaslik va ko‘chaga chiqqanda niqob taqish tavsiya etiladi.

