Toshkentning Yakkasaroy tumanida o‘g‘illariga avtomobil haydashga ruxsat bergan erkak 5 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro N. Azizovning voyaga yetmagan o‘g‘illari Hasan va Husan mahalla ko‘chasida avtomobilni juda yuqori tezlikda haydagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ular avtomobilni soatiga 140 km tezlikkacha haydagani ko‘rinadi.
Bu holat ko‘chada o‘ynayotgan bolalar hamda harakatlanayotgan keksa yoshdagi fuqarolar uchun jiddiy xavf tug‘dirgan. Shu sababli mahalla aholisi bundan norozi bo‘lgan. 7-mart kuni soat 21:00 atrofida qo‘shnilardan biri Azizovning uyiga borib, vaziyatni tinch yo‘l bilan muhokama qilish va bolalarga tanbeh berishni so‘ragan. Biroq erkak farzandlarini to‘xtatish o‘rniga ularni himoya qilgan.
Guvohlarning aytishicha, u qo‘shnisini haqorat qilgan, baland ovozda gapirib jamoat osoyishtaligini buzgan. Mojaro yuzaga kelgach, mahalla aholisi 102 raqamiga murojaat qilgan. Voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar xodimlari tomonlarni bo‘limga olib borib, holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazgan. Keyinchalik erkak o‘z harakatidan pushaymonligini bildirib, farzandlarini bundan buyon qat’iy nazorat qilishini aytgan.
Sud qaroriga ko‘ra, 1981-yilda tug‘ilgan N. Azizovga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi, ya’ni mayda bezorilik uchun 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Voyaga yetmaganlar boshqargan avtomobil esa jarima maydonchasiga qo‘yildi.
Qaynoq24.uz Toshkentda xotinini kaltaklab, yerto‘laga qamab qo‘ygan erkak 3 yil 1 oyga qamalgani haqida yozgan edi.

