AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuelada AQSh ishtiroki 18 oygacha cho‘zilishi mumkinligini ma’lum qildi. U NBC telekanaliga bergan intervyusida AQSh Venesuela energetika infratuzilmasini tiklash jarayonida neft kompaniyalariga subsidiya ajratishi ehtimolini ham bildirdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Venesuelada yaqin 30 kun ichida saylov o‘tkazilishi mumkin emas. Uning ta’kidlashicha, mamlakatda ovoz berish AQSh Venesuelani tiklashga yordam berganidan keyingina real bo‘ladi.
Prezident bu bayonotlarni Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores Nyu-York shahrida federal ayblovlar bo‘yicha sudga tortilganidan bir necha soat o‘tib bildirdi. Ular qo‘yilgan ayblovlarni tan olmadi.
Tramp AQSh Venesuela bilan urush holatida emasligini aytdi. Shu bilan birga, agar Maduro vorisi sifatida qasamyod qilgan Delsi Rodriges AQSh talablariga amal qilmasa, ikkinchi harbiy amaliyot ehtimolini istisno etmadi.
Uning ta’kidlashicha, sanksiyalar masalasi yaqin fursatda ko‘rib chiqiladi. Tramp davlat kotibi Marko Rubio Delsi Rodriges bilan muloqot olib borayotganini va tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar “mustahkam” ekanini qayd etdi.
AQShning Venesueladagi faoliyatini muvofiqlashtirishda mudofaa vaziri Pit Hegseth, Oq uy rahbari o‘rinbosari Stiven Miller va vitse-prezident Jey Di Vens ham ishtirok etadi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Tramp Venesueladan keyin qaysi davlatlarni nishonga olishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

