AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda o‘tkazilgan brifingda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qilganini ma’lum qildi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
“Ushbu menga to‘g‘ri qaror bo‘lib tuyuldi. Biz kerakli natijaga erisha olmasligimizni his qildim, shuning uchun uchrashuvni bekor qildim. Ammo kelajakda bu amalga oshadi”, — degan Tramp.
U CNN telekanaliga bergan izohida Rossiya va Ukraina rahbarlari urushni to‘xtatishni istayotganini qayd etgan.
“Menimcha, ular tinchlikni xohlaydi. Ham Putin, ham Zelenskiy urushni tugatmoqchi. Vaqti keldi — bu urush men prezident bo‘lganimda hech qachon boshlanmagan bo‘lardi”, — degan Tramp.

Shuningdek, Tramp Rossiya bilan tinchlik muzokaralari sekin kechayotganidan noroziligini bildirgan:
“Har safar Putin bilan suhbatlashsam, muloqot yaxshi o‘tadi, ammo natija bo‘lmaydi.”
Bir kun avval Tramp hali uchrashuv to‘g‘risida qaror qabul qilinmaganini, “foydasiz uchrashuv” o‘tkazishni istamasligini aytgan edi. 16-oktabr kuni Putin bilan telefon orqali gaplashgach, Tramp AQSh davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi delegatsiya Rossiya bilan muzokara o‘tkazishini, undan so‘ng o‘zi Budapeshtda Putin bilan uchrashishini bildirgan edi.
Shu bilan birga, Tramp Ukrainaga uzoq masofali Tomahawk raketalarini berish masalasini to‘xtatib qo‘ydi. Unga ko‘ra, bu qurollardan foydalanish bo‘yicha tayyorgarlik olti oy yoki bir yilgacha vaqt talab qiladi.

Bu orada AQSh Moliya vazirligi Rossiyaning “Rosneft” va “Lukoyl” kompaniyalariga qo‘shimcha sanksiyalar joriy qildi. Sabab sifatida Rossiyaning tinchlik jarayoniga jiddiy qiziqish bildirmayotgani ko‘rsatilgan.
Avvalroq, Tramp va Zelenskiy 17-oktabr kuni Oq uyda uchrashgan, AFP manbalariga ko‘ra, Tramp Ukrainadan Donbassni Rossiyaga topshirishni so‘ragan. Keyinchalik u front chizig‘i bo‘yicha urushni muzlatish tarafdori ekanini aytgan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa 21-oktabr kuni Rossiyaning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmaganini bildirdi. Shuningdek, Lavrov va Rubio o‘rtasidagi rejalashtirilgan uchrashuv ham bekor qilingan.
Qaynoq24.uz nashri Peskovning uchrashuv haqidagi bayonotini yozgan edi.

