AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani AQSh nazoratiga olish haqidagi da’volarini keskinlashtirdi. Bu haqda CCN xabar berdi. U bunga qarshi chiqqan ittifoqchilarga nisbatan yangi boj tariflari joriy qilish bilan tahdid qildi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu holat NATO tarixidagi eng og‘ir inqirozga aylanishi mumkin.
Tramp Daniya va boshqa Yevropa davlatlari pozitsiyasiga javoban, 1-fevraldan boshlab bir qator mamlakatlardan keladigan barcha tovarlarga 10% boj joriy etilishini aytdi. 1-iyundan bu stavka 25% gacha oshirilishi mumkin. Unga ko‘ra, kelishuv bo‘lmaguncha bosim davom etadi.
Tahdid ostidagi davlatlar qatorida Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlyandiya bor. Grenlandiya Daniyaning yarim mustaqil hududi hisoblanadi va aholisi AQSh tarkibiga qo‘shilish g‘oyasini rad etib kelmoqda.
Yevropa yetakchilari Tramp bayonotlariga nisbatan birlashgan pozitsiya namoyish etdi. Yevropa Ittifoqi elchilari Bryusselda favqulodda maslahatlashuvlar o‘tkazdi. NATO‘ga a’zo ayrim davlatlar yetakchilari Tramp bilan bevosita bog‘lanib, Grenlandiya borasidagi qat’iy pozitsiyasini bildirdi.
Har ikki qit’ada NATO parchalanib ketishi mumkinligi haqidagi xavotir kuchaygan. Tahlilchilarga ko‘ra, bunday ssenariy Rossiya va Xitoy uchun strategik yutuq bo‘lar edi. Bu esa Trampning ikki prezidentlik muddati davomida yuzaga kelgan eng beqaror oqibat sifatida baholanmoqda.
AQSh Kongressida ham Trampning harakatlaridan xavotir bor. Ayrim respublikachilar NATO‘ni AQSh global qudratining asosiy tayanchi deb biladi. Biroq Trampga qarshi ochiq chiqish qilishga tayyor senator va kongressmenlar soni cheklanganligicha qolmoqda.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, Tramp NATO‘ni ko‘pincha himoya uchun to‘lov talab qiladigan tizim sifatida ko‘radi. Grenlandiyani qo‘shib olish esa u uchun tarixiy meros masalasiga aylangan. Bu qadam uni AQSh hududini kengaytirgan prezidentlar qatoriga qo‘shishini u yashirmayapti.
Qaynoq24.uz Germaniya harbiylari Tramp tahdidlari fonida Grenlandiyani tark etgani haqida yozgan edi.

