AQSh prezidenti Donald Tramp Janubiy Koreyadan olib kiriladigan mahsulotlarga boj stavkalarini 25 foizgacha oshirishini e’lon qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda. Qaror Seul avval erishilgan savdo kelishuvini to‘liq bajarmayotgani bilan izohlandi.
Tramp ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan bayonotida bojlar 15 foizdan 25 foizga ko‘tarilishini bildirdi. O‘zgarishlar avtomobillar, yog‘och mahsulotlari, farmatsevtika va boshqa tovarlarga taalluqli bo‘ladi.
Prezidentning ta’kidlashicha, AQSh kelishuv doirasida bojlarni tezkor pasaytirgan. Uning fikricha, Janubiy Koreya qonunchilari esa hujjatni tasdiqlashni cho‘zmoqda.
Seul tomoni bojlarning oshirilishi haqida rasmiy bildirishnoma olmaganini ma’lum qildi. Janubiy Koreya hukumati Vashington bilan zudlik bilan muzokara o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi.
Janubiy Koreya sanoat vaziri Kim Jung-kvan hozirda Kanadada bo‘lib turibdi. U imkon qadar tezroq AQShga borib, Savdo vaziri Govard Latnik bilan uchrashishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQSh va Janubiy Koreya 2025-yil oktabr oyida savdo kelishuviga erishgan edi. Unga ko‘ra, Seul AQSh iqtisodiyotiga $350 mlrd sarmoya kiritishni zimmasiga olgan. Mablag‘larning bir qismi kema qurilishi sohasiga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Kelishuv 2025-yil noyabrda Janubiy Koreya Milliy Assambleyasiga kiritilgan. Mahalliy OAVga ko‘ra, hujjat fevral oyida qabul qilinishi mumkin.
Qaynoq24.uz Tramp Eron bilan savdo qiluvchi davlatlarga 25 foizlik boj joriy etgani haqida yozgan edi.

