AQSh prezident Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston haqida post joyladi. Fikrlar C5+1 sammiti yakunida joylandi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston bilan yirik savdo-iqtisodiy bitim tuzilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, keyingi uch yil davomida O‘zbekiston Amerika iqtisodiyotining muhim yo‘nalishlariga qariyb $35 mlrd hajmda sarmoya kiritadi va mahsulot xarid qiladi. Kelgusi 10 yilda esa bu ko‘rsatkich $100 mlrd dan oshadi.

Kelishuv konlar va kritik mineral resurslar, aviatsiya, avtomobil ehtiyot qismlari, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, energetika va kimyo sanoati, axborot texnologiyalari kabi strategik yo‘nalishlarni qamrab oladi. Tramp O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni yuqori hurmatga sazovor yetakchi sifatida e’tirof etdi va ikki davlat munosabatlari yanada mustahkamlanishini ta’kidladi.
Qozog‘iston Abraham kelishuvlariga qo‘shildi

Tramp, shuningdek, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan o‘tkazilgan telefon muloqoti haqida ham xabar berdi. Unga ko‘ra, Qozog‘iston Trampning ikkinchi prezidentlik muddatida Abraham kelishuvlariga qo‘shilgan birinchi davlat bo‘ldi.

Bu qaror Yaqin Sharq va global diplomatiya uchun muhim qadam sifatida baholanmoqda. Tramp yaqin kunlarda rasmiy imzo marosimi o‘tkazilishini bildirdi. Uning aytishicha, kelishuvlarga qo‘shilishni istagan davlatlar soni tobora oshmoqda va tashabbus “barqarorlik va iqtisodiy o‘sish uchun kuchli poydevor” bo‘lib xizmat qiladi.
Qaynoq24.uz nashri Shavkat Mirziyoyevning AQSH poytaxtiga tashrifi boshlangani haqida yozgan edi.

