AQSh prezidenti Donald Tramp joriy oyda Tinchlik kengashining ilk yig‘ilishini Vashingtonda o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Uchrashuv 19-fevralga belgilangan. Asosiy maqsad G‘azo sektorini qayta tiklash uchun mablag‘ yig‘ishdir.
Yig‘ilishga yanvarda kengashga qo‘shilish taklifini qabul qilgan ayrim davlat rahbarlari hamda G‘azo boshqaruvi, xavfsizligi va rekonstruksiyasi bilan shug‘ullanuvchi ijroiya qo‘mita a’zolari taklif etilgan. Tramp ma’muriyati vakillari ishtirok yuqori bo‘lishini kutmoqda. Uchrashuv rasman e’lon qilinmagani sababli tafsilotlar hali aniqlashtirilmoqda.
Taklifnomaga ko‘ra, yig‘ilish U.S. Institute of Peace binosida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Hozir muassasa Donald J. Trump nomi bilan yuritilmoqda. O‘tgan yili ma’muriyat bino ustidan nazoratni qo‘lga olgan va institut xodimlarining aksariyatini ishdan bo‘shatgan edi. Bu masala yuzasidan sud jarayoni ham davom etmoqda.
Avvaliga kengash Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushni to‘xtatishga qaratilgan mexanizm sifatida ko‘rilgan. Keyinchalik uning vakolatlari kengaytirildi. Tramp uni global mojarolarni hal qilish platformasiga aylantirmoqchi. Shu bilan birga, bu tashabbus AQShning BMT tizimidan chetlab o‘tishga urinishlaridan biri sifatida baholanmoqda.
Qaynoq24.uz yetti mamlakat Donald Trampning Tinchlik kengashi a’zoligiga qo‘shilishini e’lon qilgani haqida yozgan edi.

