AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga tegishli ayrim hududlar allaqachon yo‘qotilganini aytdi. Bu haqda u jurnalistlar savoliga javoban ma’lum qildi. U bu fikrni tinchlik muzokaralarida hududiy masalalar muhokamasi yuzasidan berilgan savolga javob berar ekan, ta’kidlagan. Bayonot Oq uyning YouTube’dagi rasmiy kanali orqali jonli efirda uzatilgan.
«Ochig‘ini aytganda, ular bu hududlarni allaqachon yo‘qotgan. Bu hududlar endi qo‘ldan ketgan», — dedi Tramp.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 14–15-dekabr kunlari Berlinda Ukraina va AQSh delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov ushbu uchrashuvlardan so‘ng AQSh bilan yaqin fursatda kelishuvlarga erishilishiga umid bildirgan.
Shu bilan birga, Bloomberg agentligi xabariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy muzokaralar davomida Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff taklif qilgan Donbass hududidan Ukraina Qurolli kuchlarini olib chiqish tashabbusini bir necha bor rad etgan.
Mazkur bayonotlar Ukraina atrofidagi siyosiy va diplomatik jarayonlar keskin davom etayotgan bir paytda yangramoqda.
Qaynoq24.uz Tramp AQShda yoqilg‘i bilan ishlaydigan avtomobillar ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlamoqchiligini yozgan edi.

