AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan urush xarajatlarini arab davlatlari hisobidan qoplash g‘oyasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Oq uy bayonot berdi.
Oq uy matbuot kotibi Karolayn Leavit ushbu tashabbus prezident uchun “qiziqarli variant” ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala bo‘yicha yaqin orada qo‘shimcha bayonotlar bo‘lishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, urush xarajatlari o‘nlab mlrd dollarga baholanmoqda. AQSh rasmiylari yopiq yig‘ilishda dastlabki 6 kunlik xarajat $11,3 mlrd bo‘lganini bildirgan. 12-kunga kelib bu ko‘rsatkich $16,5 mlrdga yetgan. AQSh Kongressidan qo‘shimcha $200 mlrd harbiy mablag‘ ajratish ham so‘ralmoqda. Bu mablag‘ kampaniyani davom ettirish va zaxiralarni tiklash uchun zarur.
Bu safar AQSh va Isroil harbiy harakatlarni ittifoqchilarsiz boshlagan. Shu sabab xarajatlarni boshqa davlatlarga yuklash masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Avval 1990-yildagi Fors ko‘rfazi urushi paytida arab davlatlari va boshqa ittifoqchilar AQSh xarajatlarining katta qismini qoplagan edi. Urush energiya bozoriga ham ta’sir qildi. AQShda benzin narxi o‘rtacha $3,99 ga yetdi. Bu urush boshlanishidan oldingi darajadan $1 ga yuqori.
Vashington bu o‘sishni vaqtinchalik deb baholamoqda. Oq uyga ko‘ra, Eron tahdidini kamaytirish uzoq muddatli foyda beradi. Eron esa o‘z navbatida zararni qoplashni talab qilmoqda. Tehron AQSh va Isroil hujumlariga javoban mintaqada raketa va dron zarbalarini davom ettirmoqda.
Qaynoq24.uz AQSh Ormuz bo‘g‘ozi yaqinida Eronning 16 ta katerini yo‘q qilgani haqida yozgan edi.

