Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy Donbass masalaasida kelisha olmadi. Bu haqda bir nechta xorij nashrlari xabar bermoqda.
AQShning Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Tramp va Zelenskiy Donbass masalasida yakuniy kelishuvga erisha olmagani aytilmoqda. Uchrashuv yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida tomonlar muzokaralar davom ettirilishini bildirdi.
Trampning aytishicha, mojaro yechimi hali topilmagan, biroq muhim siljishlar bor. U Rossiya Donetsk hududining to‘liq Ukrainadan voz kechishini talab qilayotganini eslatib, masala hali muhokama bosqichida ekanini ta’kidladi. Tramp, shuningdek, bosib olingan hududlarga oid masala yaqin oylar ichida hal bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Zelenskiy Donbassdagi vaziyatni juda murakkab deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina o‘z hududiy yaxlitligi va qonunlariga sodiq qoladi, Moskva esa mutlaqo boshqa pozitsiyani egallamoqda. Ukraina rahbari referendum o‘tkazish taklifi muhokama variantlaridan biri bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Uchrashuvda xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha hujjatlar ham ko‘rib chiqilgan. Zelenskiyga ko‘ra, AQShning xavfsizlik kafolatlari to‘liq kelishilgan, AQSh–Yevropa Ittifoqi qo‘shma kafolatlari esa yakuniy bosqichda. Muzokaralarda 20 banddan iborat “tinchlik rejasi”ning 90 foizi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Tomonlar muzokaralar davom etishini tasdiqladi. Zelenskiy yaqin haftalarda delegatsiyalar yana uchrashishini, Tramp esa davomiy suhbatdan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham muloqot qilmoqchi ekanini ma’lum qildi.
Qaynoq24.uz AQSh va Rossiya o‘rtasida Ukraina bo‘yicha muzokaralarda siljish qayd etilgani haqida yozgan edi.

