Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt bu hafta Donald Tramp va Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv rejalashtirilmaganini bildirdi. Uning aytishicha, AQSh va Ukraina delegatsiyalari tinchlik rejasi bo‘yicha muzokaralarni davom ettiryapti, jarayon samarali ketmoqda, ammo ayrim masalalar bo‘yicha hali kelishuvga erishilmagan.
Livittning ta’kidlashicha, Tramp muzokaralarning tez yakunlanishini istayapti. Uning fikricha, yangilangan reja Rossiya tomoniga yana bir bor taqdim etilishi kerak bo‘ladi. AQSh prezidenti avvalroq tinchlik kelishuvini imzolash uchun 27-noyabrni oxirgi muddat sifatida tilga olgan edi.
Oq uy vakili, shuningdek, Trampning Xitoy rahbari Si Szinpin bilan telefon orqali muloqotida Ukraina masalasi ham qisqa muhokama qilinganini aytdi. Asosiy mavzu esa AQSh–Xitoy munosabatlari bo‘lgan.
Ukraina va AQShning rasmiy saytlarida 24-noyabr tongida e’lon qilingan qo‘shma bayonotga ko‘ra, Jenevadagi samarali muzokaralar natijasida tinchlik bo‘yicha yangilangan asosiy hujjat tayyorlangan. Tomonlar uni keyingi bosqichdagi ishlar uchun muhim poydevor deb atagan.
23-noyabr oqshomida AQSh davlat kotibi Marko Rubio Jenevada Ukraina delegatsiyasi va Yevropa ittifoqdoshlari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng muzokaralar asosiy hujjatni shakllantirishga olib kelganini qayd etdi. Ukraina tomoniga boshchilik qilgan Andriy Yermak ham bu fikrni qo‘llab-quvvatladi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Si Szinpin Tramp bilan telefon orqali muzokara qilgani haqida yozgan edi.

