Turkiyaning shimoli-g‘arbida joylashgan Balikesir shahri yaqinida uchuvchisiz uchish apparati qulab tushdi. Bu haqda Haberturk nashri xabar bermoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, dron Salur posyolkasi hududidagi dalaga tushgan.
Qurilmani fermerlar topib, darhol xavfsizlik kuchlariga topshirgan. Hodisa joyiga yetib kelgan mutaxassislar dronni ko‘zdan kechirib, xavfsizlik choralarini ko‘rgan va uni batafsil ekspertiza o‘tkazish uchun Anqaraga yuborgan. Hozircha uchuvchisiz apparat qaysi tomonga tegishli ekani aniqlanmagan.
Qayd etilishicha, bu so‘nggi besh kun ichida ro‘y bergan uchinchi shunga o‘xshash hodisa hisoblanadi.
Avvalroq, 19 dekabr kuni Turkiyaning g‘arbida joylashgan Kocaeli viloyatida noma’lum dron qulab tushgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, 15 dekabr kuni Turkiya Mudofaa vazirligi Qora dengiz uzra uchayotgan uchuvchisiz apparat urib tushirilganini ma’lum qilgan.
Rasmiy idoralar hodisalar yuzasidan tekshiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Qaynoq24.uz Asad rejimi qulaganidan so‘ng 580 mingdan ortiq suriyalik Turkiyadan vataniga qaytgani haqida yozgan edi.

