Ugandaning g‘arbiy qismida ikki avtobus va yana ikki avtomobil ishtirokida sodir bo‘lgan yirik yo‘l-transport hodisasi natijasida kamida 46 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda CBS xabar bermoqda.
Bu voqea so‘nggi yillarda mamlakatda yuz bergan eng og‘ir avtohalokatlardan biri bo‘ldi. Politsiya dastlab halok bo‘lganlar sonini 63 deb e’lon qilgan, biroq keyinchalik aniqlashtirishlar natijasida ba’zi jarohatlanganlar hushsiz holatda topilganini, ammo ular tirik ekani aniqlangach, rasmiy raqam 46 taga tushirildi.

Baxtsiz hodisa chorshanba kuni kechasi poytaxt Kampala shahridan Gulu yo‘nalishidagi magistralda yuz bergan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan ikkita avtobus haydovchisi bir vaqtning o‘zida oldidagi mashinani quvib o‘tishga uringan va to‘qnashuv yuz bergan.
“Avtobuslardan biri to‘qnashuvdan qochishga harakat qilgan, ammo bu harakat natijasida yonma-yon urilish sodir bo‘lgan va boshqa transport vositalari ham nazoratni yo‘qotib, ag‘darilgan,” — deyiladi politsiya bayonotida.

Uganda politsiyasi barcha haydovchilarni yo‘lda ehtiyotkorlikka, ayniqsa xavfli quvib o‘tishdan saqlanishga chaqirdi. Mamlakatda bunday holatlar tez-tez uchrab turadi — yo‘llarning torligi va yuqori tezlikda haydash bunga asosiy sabab sifatida ko‘rsatiladi.
Uganda Qizil Xochi vakili Iren Nakasiita hodisa joyini dahshatli manzara deb atadi. Uning aytishicha, ko‘plab jabrlanganlar qon ketishi va singan suyaklar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda Ugandada 5 144 kishi yo‘l-transport hodisalari oqibatida halok bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2023-yildagi 4 806 va 2022-yildagi 4 534 tadan ham yuqori.
Qaynoq24.uz nashri Parij yaqinida kuchli tornado yuz bergani haqida yozgan edi.

