Venesuela rasmiylari AQSh harbiylari xalqaro suv hududida neft tashiyotgan tanker va uning ekipajini zo‘ravonlik bilan qo‘lga olganini bildirdi. Bayonot mamlakat vitse-prezidenti va uglevodorodlar vaziri Delcy Rodriguez’ning Telegram-kanalida e’lon qilindi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, Venesuela neftini tashiyotgan xususiy tanker qo‘lga olingan, ekipaj esa majburan olib ketilgan. Rasmiy Karakas buni xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi, deb baholadi.
Venesuela hukumati voqea yuzasidan aybdorlarni jazolash masalasini Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ko‘tarishini ma’lum qildi. Rasmiylar bu holat Venesuelaga qarshi bosim siyosatining navbatdagi ko‘rinishi ekanini ta’kidladi.
Avvalroq ham Karakas AQSh Qurolli kuchlari Venesueladan chiqqan yana bir neft tankerini va uning ekipajini ushlab qolganini keskin qoralagan edi.
Shuningdek, AQSh mudofaa vaziri Pit Hegseth Venesueladan chiqayotgan barcha tankerlar ushlab turilishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar mamlakat rahbari Nikolas Maduro “o‘g‘irlangan amerikalik aktivlar”ni qaytarmaguncha davom etadi.
Venesuela tomoni esa mazkur bayonotlarni asossiz, xalqaro normalarga zid va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid, deb hisoblamoqda.
Qaynoq24.uz Tramp Venesuelani misli ko‘rilmagan zarba bilan ogohlantirgani haqida yozgan edi.

