Venesuela parlamenti 5-fevral kuni siyosiy mahbuslarni ozod etishga qaratilgan amnistiya qonunini birinchi o‘qishda bir ovozdan ma’qulladi. Bu haqda DW xabar bermoqda. Qonun siyosiy sabablarga ko‘ra hukm qilingan fuqarolarga taalluqli bo‘ladi.
Amnistiya “terrorizm”, “Vatanga xiyonat” va “nafrat qo‘zg‘ash” kabi moddalar bilan sudlangan shaxslarni ham qamrab olishi mumkin. Bu ayblovlar avval mamlakatni boshqargan Nikolаs Maduro va undan oldingi prezident Ugo Chaves davrida keng qo‘llangan.
Parlament raisi Xorxe Rodriges “Kechirishni so‘raymiz va o‘zimiz ham kechirishimiz kerak”, deb bayonot bergan.
Keng ko‘lamli amnistiya rejalarini yanvar oyida vaqtinchalik prezident Delsi Rodriges e’lon qilgan edi. Uning aytishicha, maqsad siyosiy qarama-qarshilik oqibatida yuzaga kelgan yaralarni davolashdir. Qotillik, narkotrafik va inson huquqlariga qarshi og‘ir jinoyatlar bu amnistiyaga kiritilmaydi.
So‘nggi haftalarda Venesuelada yuzlab siyosiy mahbuslar ozod etildi. Biroq yana bir necha yuz kishi qamoqda qolmoqda. Shu bilan birga, AQSh talabi bilan mamlakat neft bozori xususiy investorlar uchun ochildi. Bu qarordan so‘ng AQSh sanksiyalarni yumshatishini bildirdi.
Muxolifat yetakchilaridan biri Mariya Korina Machado yaqin 9–10 oy ichida demokratik saylovlar o‘tkazish mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ovozlar qo‘lda sanaladigan ochiq jarayon bo‘lishi mumkin.
Qaynoq24.uz AQSh Venesuela neft eksportiga aloqador oltinchi tankerni qo‘lga olgani haqida yozgan edi.

