Vivo S50 Pro mini smartfoni qanday xususiyatlarga ega

Foto: Vivo
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Vivo S50 Pro mini smartfoni Qualcomm’ning yangi Snapdragon 8 Gen 5 protsessori bilan taqdim etiladi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.

Vivo vakili Han Bo Xiao Weibo‘da tasdiqlashicha, S50 Pro mini aynan shu flagman chipset bilan ta’minlanadi. Qurilmada LPDDR5X tezkor xotira va UFS 4.1 saqlash texnologiyasi qo‘llanadi. Bu esa uni Vivo‘ning X300 seriyasi va X200 Ultra bilan bir darajaga olib chiqadi. “Mini” nomi faqat o‘lchamni anglatadi, imkoniyatni emas.

Han Bo Xiao dastlabki ko‘rsatkichlarni ham oshkor qildi. Unga ko‘ra, S50 Pro mini AnTuTu v10 testida oddiy xona haroratida qariyb 3 mln ball to‘plagan. Bu ko‘rsatkich mid-premium sinfidagi avvalgi smartfonlardan kamida 1 mln balldan yuqoriroq. U hatto 2025-yil aprel reytingida 2,9 mln ball olgan X200 Ultra’dan ham o‘zib ketgan. Taqqoslash uchun: Dimensity 9400 Plus bilan ishlaydigan X200 Pro mini taxminan 600 ming ball pastroq, X200 FE esa bundan ikki baravar past natija ko‘rsatadi.

Foto: Gizmochina

Xabarlarga ko‘ra, smartfon 50 MP asosiy kamera va 50 MP periskop telefoto kameraga ega bo‘ladi. Bu kompakt sinf uchun noodatiy kuchli konfiguratsiya. Shu bilan birga, Honor ham Magic8 Mini nomli yupqa va kichik model ustida ishlayotgani aytilmoqda.

Qualcomm Snapdragon 8 Gen 5’ni rasman 26-noyabr kuni tanishtirishi kutilmoqda. Bu yadro avvalo Xitoy bozori uchun chiqadigan flagman modellarda debyut qiladi. Vivo‘dan tashqari, OnePlus ham Ace 6T modeli orqali yangi chipni qo‘llashini tasdiqlagan.

Biroq test natijalari har doim real ishlashni to‘liq aks ettirmaydi. Kompakt smartfonlarda sovutish tizimi “Ultra” modellarnikidan zaifroq bo‘ladi. Shu sabab, grafik jihatdan og‘ir o‘yinlarda barqaror ishlash hali noma’lum.

Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Oppo Find X9 Pro qanday narxda sotilishi haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.