Vivo kompaniyasi yangi Vivo V70 FE modelini rasman taqdim etdi. Smartfonning premyerasi Indoneziyada bo‘lib o‘tdi. Qurilma katta ekran, kuchli batareya va yuqori aniqlikdagi kamera bilan ajralib turadi.
Smartfon 6,83 dyuymli AMOLED displey bilan jihozlangan. Ekran 1,5K aniqlik, 120 Hz yangilanish tezligi va 1900 nitgacha yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Displey 10 bitli rang uzatishga ega bo‘lib, bu texnologiya ayrim flagman modellarida ham uchramaydi. Qurilmaning orqa panelida Aura deb nomlangan halqa shaklidagi yoritish tizimi o‘rnatilgan. Smartfon korpusi suv va changdan IP68 hamda IP69 standartlari bo‘yicha himoyalangan.
Vivo V70 FE MediaTek Dimensity 7360-Turbo protsessori asosida ishlaydi. Qurilmada 7000 mA/soat sig‘imli batareya o‘rnatilgan bo‘lib, u 90 Vt tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Kamera tizimi ham kuchli ko‘rsatkichlarga ega. Asosiy kamera 200 megapikselli sensordan iborat. Unga qo‘shimcha ravishda 8 megapikselli ultra keng burchakli kamera o‘rnatilgan. Old kamera esa 32 megapikselli.
Smartfon qutidan Android 16 asosidagi OriginOS 6 tizimi bilan chiqadi. Kompaniya qurilma uchun 6 yil davomida yangilanishlar va xavfsizlik patchlari taqdim etilishini va’da qilgan.
Vivo V70 FE binafsha, ko‘k va kumush ranglarda taqdim etilgan. 8/256 GB xotirali asosiy versiya $380 ga baholangan. 12/256 GB variantining narxi $425 ni tashkil qiladi. 8/512 GB xotirali model esa $435 ga sotiladi.
Qaynoq24.uz Vivo X300 Ultra qanday kamera bilan chiqishi haqida yozgan edi.

