O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik yoki uni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan talabalarga oliy ta’limda “ikkinchi imkoniyat” beriladi. Bu orqali ular o‘qishni davom ettirishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi.
Jumladan, kursdan kursga qolgan yoki talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga istisno tariqasida ta’limni davom ettirish imkoniyati beriladi. Buning uchun ular fanlar farqini qayta o‘zlashtirishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat beriladi va zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-sentabrdan nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzganlik uchun undirilgan jarimalarning 15 foizi huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Farmonga muvofiq, erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida tegishli organlarga xabar berish majburiyati ham belgilanadi. Bu vazifa fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, FHDYO, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari zimmasiga yuklatiladi.
Qaynoq24.uz kripto-aktivlar bozorida xizmat ko‘rsatuvchilarni litsenziyalash tartibi belgilangani haqida yozgan edi.

