Vyetnam markazida yog‘ayotgan kuchli yomg‘ir va toshqinlar oqibatida kamida 41 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar bermoqda. Yana 9 kishi bedarak yo‘qolgan va qidiruv ishlari davom etmoqda.
Uch kun ichida yog‘ingarchilik ayrim hududlarda 1,5 metrga yetdi. Ba’zi joylarda suv darajasi hatto 5,2 metrdan ham oshgan. Toshqinlar 52 mingdan ortiq uylarni suv ostida qoldirdi. Yarim milliondan ziyod xonadon va korxonalar elektrsiz qolgan.

Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar — Hoi An va Nha Trang kabi qirg‘oqbo‘yi shaharlar, shuningdek, markaziy tog‘ zonasidagi yirik qahva yetishtirish hududi. Bu yerda fermerlar avvalgi bo‘ronlar sabab kechikkan hosil yig‘im-terimi bilan ham kurashayotgan edi.
So‘nggi oylarda Vyetnamni bir necha ekstremal ob-havo hodisalari urdi. Kalmaegi va Bualoi to‘fonlari bir necha hafta ichida katta vayronagarchilik keltirib, o‘nlab qurbonlarga sabab bo‘ldi. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, yanvar-oktabr oylarida tabiiy ofatlar mamlakatga $2 mlrd miqdorida zarar yetkazgan.

Mimosa dovonidagi asosiy yo‘lning bir qismi jarlikka qulab tushganidan so‘ng Da Lat shahriga kirish to‘liq to‘xtadi. AFP xabariga ko‘ra, bir avtobus halokatdan zo‘rg‘a qutulib qolgan.
Vyetnam rasmiylari yakshanbagacha yana kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkinligini ogohlantirdi. Mintaqalarda o‘n minglab odamlar evakuatsiya qilindi. Harbiylar va politsiya vaqtinchalik boshpanalar tashkil etib, aholiga yordam bermoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Italiyada kuchli yomg‘irlar sabab ikki kishi bedarak yo‘qolgani haqida yozgan edi.

