Wuling Motors yangi Wuling Bingo Pro elektromobilini rasman taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
Yangi model “zamonaviy va rang-barang avtomobil” sifatida pozitsiyalanmoqda hamda Wuling Bingo oilasining yana bir yangi a’zosiga aylandi. Avvalroq ushbu seriyada Wuling Bingo va Bingo S modellari taqdim etilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, elektromobil 2025-yil dekabr oyida Xitoy sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi ga rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish uchun topshirilgan. Hujjatlarga ko‘ra, avtomobilning o‘lchamlari 4050 mm uzunlik, 1758 mm kenglik va 1580 mm balandlikni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2560 mm bo‘lib, avtomobilning umumiy og‘irligi 1670 kg, o‘z og‘irligi esa 1270 kg etadi. Maksimal tezlik 130 km/soat deb ko‘rsatilgan.
Texnik jihatdan yangi model Guoxuan High-Tech ishlab chiqargan litiy-temir-fosfat batareya bilan jihozlangan. Elektromotor maksimal 65 kVt quvvatga ega bo‘lib, avtomobil shahar uchun mo‘ljallangan ixcham elektromobil segmentiga kiradi.

Hozircha Wuling Bingo Pro‘ning rasmiy sotuv sanasi va narxi e’lon qilinmagan. Kompaniya yangi model bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar yaqin orada taqdim etilishini ma’lum qilgan.
Qaynoq24.uz yangilangan Haval M6 qanday narxda sotilishi haqida yozgan edi.

