Pekin 5-noyabr kuni AQSh mahsulotlariga nisbatan joriy etilgan qo‘shimcha 24 foizlik boj stavkasi bir yil muddatga to‘xtatilishini, ammo 10 foizlik asosiy boj saqlab qolinishini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda. Qaror o‘tgan hafta Xitoy rahbari Si Szinpin va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng e’lon qilindi.
Davlat Kengashining bojlar komissiyasi xabariga ko‘ra, qaror ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini barqarorlashtirish va iqtisodiy bosimni yumshatishga qaratilgan. Shu bilan birga, Xitoy 10-noyabrdan boshlab AQShdan import qilinadigan ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘llanilayotgan 15 foizgacha bo‘lgan bojlarni bekor qiladi.
Bu o‘zgarish Xitoyning AQSh bilan savdo munosabatlarini yumshatish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda. Mutaxassislarning fikricha, qaror global savdo bozorlari, ayniqsa, don, paxta va soya kabi mahsulotlar narxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bilan birga, Xitoyning 10 foizlik bojni saqlab qolishi ikki tomonlama savdo kelishuvlari bo‘yicha muzokaralar hali to‘liq yakunlanmaganini ko‘rsatmoqda.
Qaynoq24.uz nashri AQShda UPS samolyoti qulishi natijasida kamida 7 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

