Xitoy rasmiylari AQShni yadroviy qurolsizlanish masalasida ikkiyuzlamachilikda aybladi. Pekin bu bayonotni Pentagon hisobotidan keyin bildirdi. Bu haqda Reuters nashri xabar bermoqda.
Hisobotda Xitoy Mongoliya chegarasiga yaqin hududlarda qit’alararo ballistik raketalarni joylashtirgani aytilgan. Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, gap DF-31 turidagi yuzdan ortiq raketa haqida bormoqda.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan AQShni o‘z majburiyatlarini bajarishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eng katta yadroviy arsenalga ega davlat sifatida AQSh birinchi bo‘lib qurolsizlanish mas’uliyatini zimmasiga olishi kerak.
Pentagon hisobotida Pekin qurollarni nazorat qilish bo‘yicha muzokaralarga kirishishni istamayotgani ham ta’kidlangan. Xitoy tomoni esa bu ayblovlarni rad etmoqda.
Qaynoq24.uz noyabrda Xitoy Rossiyadan rekord miqdorda oltin xarid qilgani haqida yozgan edi.

