Xitoy iqtisodiy o‘sish maqsadini 1991-yildan beri eng past darajaga tushirdi

Foto: Getty images
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Xitoy hukumati yillik iqtisodiy o‘sish maqsadini 4,5–5 foiz darajasida belgiladi. Bu 1991-yildan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Yangi maqsad Pekinda o‘tkazilayotgan mamlakatning eng yirik siyosiy yig‘ini — “ikki sessiya” doirasida e’lon qilindi. Tadbir davomida Xitoy iqtisodiyotining 15-besh yillik rivojlanish rejasi bo‘yicha ham dastlabki ma’lumotlar taqdim etildi.

Xitoy bosh vaziri Li Syan parlament delegatlariga taqdim etgan 46 betlik hisobotda yangi strategiya tafsilotlarini bayon qildi. Unga ko‘ra, hukumat innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar va ilmiy tadqiqotlarga investitsiyalarni oshirishni rejalashtirmoqda.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, Pekin iqtisodiyotni qayta shakllantirishga harakat qilmoqda. Bunga ichki iste’molning sustligi, aholining qarib borishi, ko‘chmas mulk inqirozi hamda global savdo keskinliklari sabab bo‘lmoqda.

Hisobotga ko‘ra, kelgusi besh yil ichida sanoat salohiyatini kengaytirish uchun 100 dan ortiq yirik loyiha amalga oshiriladi. Loyihalar asosan ilm-fan, texnologiya, transport va energetika sohalariga qaratiladi. Shuningdek, Xitoy yashil energetikani rivojlantirishni ham ustuvor yo‘nalish sifatida belgiladi. Rejaga ko‘ra, karbon chiqindilari kamaytiriladi va ekologik himoya choralari kuchaytiriladi.

Bandlik, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini yaxshilash ham ustuvor vazifalar qatoriga kiritilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy 2025-yilda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha 5 foizlik maqsadga erishgan. Biroq yilning oxirgi choragida o‘sish sur’ati 4,5 foizgacha sekinlashgan. Bu esa ichki iste’molning sustligi va ko‘chmas mulk sektoridagi muammolar bilan bog‘liq.

So‘nggi yillarda esa ishlab chiqarish va eksport iqtisodiyotning asosiy tayanchiga aylandi. 2025-yilda Xitoy $1,19 trln miqdorida rekord savdo profisitiga erishdi.

Ammo eksportga yuqori darajada tayanish ham yangi xatarlarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan bojlar Xitoy iqtisodiyotiga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda.

Qaynoq24.uz Xitoyda tug‘ilish darajasi tarixiy minimumga tushgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.