Xitoy hukmati Yaponiya tomonidan keladigan barcha dengiz mahsulotlari importini yana to‘xtatdi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda. Qaror Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichining Tayvan bo‘yicha aytgan bayonotlari kuchli bahsga sabab bo‘lgach qabul qilindi.
Kyodo News va NHK xabariga ko‘ra, Pekin Tokyoga importlar to‘liq to‘xtatilgani haqida rasmiy ma’lumot yuborgan. Xitoy TIV voizi Mao Nin Yaponiyaning Fukushima suvini nazorat qilish bo‘yicha va’da qilingan texnik hujjatlarni ham taqdim etmaganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, hozirgi vaziyatda Yaponiyaning dengiz mahsulotlariga Xitoy bozorida joy yo‘q.
Xitoy 2023-yilda Fukushima AESdan tozalangan suv oqizilishi sababli importni butunlay to‘xtatgan, keyin esa qisman qayta ochgandi. Endi esa siyosiy keskinlik fonida taqiq yana kuchaytirildi. 2023-yilgacha Xitoy bozori — Gonkong bilan birga — Yaponiyaning dengiz mahsulotlari eksportining beshdan bir qismini tashkil qilgan.

Keskinlik Yaponiya bosh vaziri Takaichining parlamentda aytgan gaplaridan so‘ng boshlandi. U Xitoy Tayvanga hujum qilsa, bu Yaponiyaning mavjudligiga tahdid bo‘lishi mumkinligini aytgan. Pekin bu fikrni harbiy tahdid deb baholab, Takaichidan bayonotni qaytarib olishni talab qildi. Tokio esa o‘zining mudofaa siyosati o‘zgarmaganini bildirdi.
Mojaro fonida Xitoy diplomatik va iqtisodiy choralarni kuchaytirdi. Pekin so‘nggi kunlarda Senkaku atrofidagi bahsli hududlarga sohil qo‘riqchilari kemalarini yubordi. Xitoy harbiy dronlari esa Yaponiyaning eng g‘arbdagi hududi — Yonaguni oroli yaqinidan uchgan.
Xitoy fuqarolariga Yaponiyaga sayohat qilishdan ogohlantirgach, qariyb yarim million kishi aviachiptasini bekor qildi. Yaponiyaning turizm va savdo kompaniyalari aksiyalari keskin tushib ketdi. Xitoylik davlat xizmatchilariga Yaponiyaga bormaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgani aytilmoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Xitoy Yaponiyani ogohlantirgani haqida yozgan edi. Xitoy rasmiylariga ko‘ra, bu bayonotlar Xitoyning ichki ishlariga qo‘pol aralashuv hisoblanadi. Pekin buni bir Xitoy tamoyiliga va Xitoy hamda Yaponiya o‘rtasidagi siyosiy kelishuvlar ruhiga zid deb atadi. Shuningdek, bu so‘zlar xalqaro munosabatlar me’yorlariga ham to‘g‘ri kelmasligi aytilgan.

