Xitoy Yaponiyani ogohlantirdi

Foto: ABC News
Mohinur Rajabova
3 Daqiqa o‘qish

Xitoy Mudofaa vazirligi Yaponiyani Tayvan masalasiga aralashmaslikka qat’iy ogohlantirdi. Bu haqda Sinhua agentligi ma’lum qildi. Rasmiy Pekin ta’kidlashicha, Tokio agar harbiy aralashuvga jur’at qilsa, bu unga mag‘lubiyat keltiradi.

Xitoy Mudofaa vazirligi vakili Szyan Bin bu fikrlarni Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichining so‘zlariga javoban bildirdi. Avvalroq Takaichi agar Xitoy Tayvanga qarshi kuch ishlatsa, Yaponiya o‘zining kollektiv o‘zini himoya qilish huquqidan foydalanishi mumkinligini aytgandi.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, bu bayonotlar Xitoyning ichki ishlariga qo‘pol aralashuv hisoblanadi. Pekin buni bir Xitoy tamoyiliga va Xitoy hamda Yaponiya o‘rtasidagi siyosiy kelishuvlar ruhiga zid deb atadi. Shuningdek, bu so‘zlar xalqaro munosabatlar me’yorlariga ham to‘g‘ri kelmasligi aytildi.

Szyan Binning so‘zlariga ko‘ra, Tokio tashlagan bunday ishoralar Tayvan mustaqilligi tarafdorlariga noto‘g‘ri signal yuboradi va mintaqadagi barqarorlikka zarar yetkazadi. U Yaponiya rahbariyatining pozitsiyasini o‘ta mas’uliyatsiz va xavfli baholagan.

Xitoyning rasmiy pozitsiyasida Tayvan masalasi faqat Pekinning ichki ishi ekani ta’kidlandi. Szyan Bin Yaponiya tarix saboqlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmasa va kuch ishlatish orqali Tayvan masalasiga aralashishga urinsa, buning oqibati Yaponiya uchun og‘ir bo‘lishini aytdi.

Uning aytishicha, agar Tokio bunday xavfli yo‘lni tanlasa, Xitoy har qanday tahdidni bartaraf etadi va Yaponiya katta yo‘qotishlarga duch kelishi mumkin.

Xitoy va Yaponiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar

Foto: Global Times

Xitoy va Yaponiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar Osiyodagi eng yirik va eng murakkab hamkorliklardan biri hisoblanadi. Ikki davlatning iqtisodiyoti dunyoning eng katta iqtisodiyotlari qatoriga kirgani uchun ularning savdo oqimi global bozorlar uchun ham muhim ahamiyatga ega. Xitoy Yaponiya uchun yillar davomida asosiy savdo hamkorlaridan biri bo‘lib kelmoqda, Yaponiya esa Xitoy sanoati va yuqori texnologiya sektori uchun zarur bo‘lgan uskunalar, komponentlar va investitsiya manbalarini yetkazib beradi.

Yaponiya kompaniyalari Xitoy bozoriga 1980-yillardan boshlab faol kirgan va bugungi kunda avtomobil, elektronika, robototexnika va kimyo sanoati kabi yo‘nalishlarda minglab yirik korxonalar faoliyat yuritadi. Toyota, Honda, Nissan, Panasonic, Sony kabi yirik yapon brendlari Xitoyda nafaqat eksport bilan, balki mahalliy ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanadi. Bu esa Xitoy ichki bozoridagi raqobatni kuchaytirish va texnologik modernizatsiyaga hissa qo‘shish imkonini berdi.

Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Tramp Rossiya, Xitoy va AQSh yadroviy qurollarni qisqartirishga yaqinligini aytgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.