Davlat xavfsizlik xizmati o‘tkazgan tezkor tadbirlarda xorijdan olib kirilayotgan sintetik narkotik moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlandi.
Toshkent shahrida yashovchi, 2003-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Nexia 3 avtomobili Zangiota tumanidan poytaxt tomon kelayotgan paytda Chilonzor tumanidagi “Erkin” YPX maskanida to‘xtatildi.
Avtomobil xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda salonida sof og‘irligi 4 kg 811 gramm “Alfa PVP” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlandi. Modda daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olindi. Mazkur shaxsga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Yana bir holat Andijon viloyatida qayd etildi. DXX Chegara qo‘shinlari o‘tkazgan tadbirda O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat chegarasining Marhamat tumani “Bobohuroson” MFY hududidan o‘tuvchi qismida ikki nafar mahalliy fuqaro ushlandi. Ma’lum bo‘lishicha, Qirg‘izistonlik shaxs chegara sim to‘siqlari ustidan uloqtirgan qog‘oz qutini qabul qilib olayotgan vaqtida 1985 va 1987-yillarda tug‘ilgan fuqarolar qo‘lga olingan. Quti xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda ichida 9988 dona “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Hozirda ushbu holatlar bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Namangan va Samarqandda noqonuniy valyuta savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlangani aqida yozgan edi.

