«Zagran» pasportni olish narxi qancha: qo‘llanma va tavsiyalar

Foto: UzReport
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun biometrik pasport olish jarayoni to‘liq elektronlashtirilgan bo‘lib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Qaynoq24.uz internet nashri Mandarin ruknida xorijga chiqish pasportini olish bo‘yicha qo‘llanmasini taqdim etadi.

Narxi qancha

Ushbu xizmatga onlayn ariza qoldirish uchun atigi 7 daqiqa kifoya qiladi. Xizmat narxi jismoniy shaxslar uchun 370 800 so‘mni (0,9 BHM) tashkil etadi. Pasport 10 ish kuni ichida tayyorlanadi. 16–25 yoshdagi fuqarolar uchun ayrim hollarda qo‘shimcha o‘rganishlar sabab muddat bir oygacha uzayishi mumkin.

Xizmatdan foydalanish uchun talab qilinadigan hujjatlar

Ariza topshirishdan oldin quyidagi hujjatlardan biri elektron tizimda mavjud bo‘lishi kerak:

  • O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti;
  • fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi;
  • O‘zbekiston fuqarosining ID-kartasi;
  • fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ID-kartasi.

Ariza topshirish tartibi

Arizachi YIDXP’da ro‘yxatdan o‘tadi va xorijga chiqish pasporti bo‘yicha elektron so‘rovnomani to‘ldiradi. Ariza vakolatli organga yuborilgach, fuqaro belgilangan vaqtda ma’lumotlarni yig‘ish punktiga shaxsan boradi. U yerda barmoq izi olinadi va suratga tushiriladi.

Keyin fuqaro belgilangan kun va vaqtda pasportini olish uchun tegishli bo‘limga boradi.

Voyaga yetmaganlar va chaqiriluvchilarga qo‘yiladigan qo‘shimcha talablar

Ma’lumotlarni yig‘ish punktiga tashrif buyurganda qo‘shimcha hujjatlar talab qilinishi mumkin:

  • harbiy xizmatga majburlar uchun harbiy guvohnoma, chaqiruv uchastkasida qayd etilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma yoki mudofaa ishlari bo‘limidan ma’lumotnoma;
  • voyaga yetmaganlar uchun ota-ona yoki vasiylarning notarial tasdiqlangan roziligi;
  • voyaga yetmaganga hamroh bo‘ladigan shaxsning notarial tasdiqlangan majburiyati.

Doimiy yashash uchun chet elga ketmoqchi bo‘lganlar ota-ona, turmush o‘rtog‘i va agar nikohdan voyaga yetmagan farzandlar bo‘lsa, sobiq turmush o‘rtog‘ining notarial tasdiqlangan roziligini taqdim etadi. Agar ota-ona yoki turmush o‘rtog‘i vafot etgan yoki bedarak yo‘qolgan bo‘lsa, bu haqdagi guvohnomalar ham notarial tartibda tasdiqlangan bo‘lishi zarur.

Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishning elektron shakli vaqtni tejaydi va jarayonni ancha soddalashtiradi. Tizimning qulayligi fuqarolarga chet elga chiqish rejalari bo‘yicha hujjatlarni qisqa fursatda rasmiylashtirish imkonini beradi.

Avvalroq Qaynoq24.uz nashri tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish tartibi haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.