Xorijga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda. Noqonuniy migratsiyaga qarshi tezkor tadbirlar doirasida Namangan shahrida ikki holat fosh etildi.
Namangandagi konsalting firma rahbari 2001-yilda tug‘ilgan fuqaroni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qildi. U buning evaziga $10 ming talab qilgan va oldindan $1,5 ming olayotganida ushlandi.
Shu shaharda faoliyat yuritgan yana bir konsalting firma ish yurituvchisi 1998-yilda tug‘ilgan fuqaroni Latviyaga ishga yuborishni va’da qildi. U $2 mingni olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni ogohlikka chaqirdi. Xorijga ishga joylashtirish bo‘yicha faqat rasmiy tashkilotlarga murojaat qilish tavsiya etildi.
Qaynoq24.uz Andijonda narkolaboratoriya fosh etilgani haqida yozgan edi.

