UzAuto Motors bozorga ikki yangi tijorat avtomobilini — Chevrolet Damas Max va Chevrolet Damas Move modellarini chiqarayotganini ma’lum qildi. Yangi avtomobillar tadbirkorlar hamda oilaviy mijozlar ehtiyojlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, sig‘im, samaradorlik va narx jihatidan muvozanatli yechim sifatida taqdim etilmoqda.
Modellar konsepsiyasi
Chevrolet Damas Move yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan. Yetti nafar yo‘lovchiga mos salon oilaviy safarlar va xizmat tashuvlari uchun qulay sharoit yaratadi. Keng ichki makon, ergonomik o‘rindiqlar va funksional joylashuv kundalik foydalanishga moslashtirilgan.

Chevrolet Damas Max esa yuk tashish segmentiga qaratilgan. Model 650 kilogrammgacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega bo‘lib, yuk bo‘limining foydali hajmi uch kub metrdan ortiqni tashkil etadi. Bu kichik va o‘rta biznes uchun amaliy yechim hisoblanadi.
Texnik imkoniyatlar
Har ikkala model uchun ikkita atmosferali dvigatel varianti taklif etiladi. Birinchi agregat 1,2 litr hajmga ega bo‘lib, 81 ot kuchi ishlab chiqaradi va besh pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Ikkinchi variant 1,5 litrli, 103 ot kuchiga ega dvigatel bo‘lib, olti pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.
Shassi konstruktsiyasi ishonchlilik va xizmat ko‘rsatish soddaligiga yo‘naltirilgan. Old osma mustaqil “Makferson” turida, orqa osma esa ressorali. Old tormozlar diskli, orqa tormozlar barabanli. Rul boshqaruvi elektron kuchaytirgich bilan ta’minlangan.
Xavfsizlik va qulaylik
Bazaviy komplektatsiyadan boshlab avtomobillar haydovchi va old yo‘lovchi uchun xavfsizlik yostiqchalari, ABS va EBD elektron tizimlari, markaziy qulflash hamda masofadan boshqariladigan kalit bilan jihozlangan.

Iqlim qulayligi Damas Move modelida ikki zonali, Damas Max modelida esa bir zonali konditsioner orqali ta’minlanadi. Har ikkala versiya signalizatsiya va o‘g‘irlikka qarshi tizimga ega.
Salon mato qoplamali o‘rindiqlar, to‘rt yo‘nalishda sozlash imkoniyati, stakan qo‘yish joylari va ikki dona dinamik bilan jihozlangan. Yo‘lovchi tashish versiyasida uchinchi qatordan keyin 496 litr hajmdagi bagaj bo‘limi mavjud.
Tavsiya etilgan chakana narxlar
Chevrolet Damas Max
- Van 1.2 LV0 — 134 439 000 so‘m
- Van 1.5 LV0 — 142 471 000 so‘m
Chevrolet Damas Move
- Pas 1.2 LV0 — 139 675 000 so‘m
- Pas 1.2 LV1 — 144 563 000 so‘m
- Pas 1.5 LV0 — 149 011 000 so‘m
- Pas 1.5 LV1 — 154 128 000 so‘m
Sotuvlar boshlanishining aniq sanasi keyinroq e’lon qilinadi.
Oldingi Damas modeli bilan taqqoslash
Yangi Chevrolet Damas avvalgi modelga nisbatan sezilarli darajada yangilandi. Dvigatel quvvati 81 va 103 ot kuchiga yetdi, bu esa oldingi versiyadan mos ravishda 43 va 65 ot kuchiga ko‘p. Yuk ko‘tarish qobiliyati 650 kilogrammni tashkil etib, 250 kilogrammga oshdi. Yuk tashish versiyasida yuk bo‘limi hajmi 3050 litrga yetdi.
G‘ildirak bazasi 2850 millimetrga uzaytirildi, umumiy uzunlik 4425 millimetrni, kenglik esa 1670 millimetrni tashkil etdi. Natijada salon va yuk bo‘limi yanada kengaydi.
Shu bilan birga, Chevrolet Damas’ning avvalgi versiyasi ishlab chiqarishda qoladi va rasmiy dilerlar orqali sotuvda davom etadi. Yangi modellar esa Damas oilasining mantiqiy rivoji sifatida bozorga chiqmoqda.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni UzAuto Motors call-markazi orqali +998 78 141 77 77 raqamidan, chevrolet.uz sayti hamda Chevrolet rasmiy dilerlik markazlaridan olish mumkin.
Qaynoq24.uz yonilg‘i sarfi bo‘yicha eng yaxshi avtomobillar haqida yozgan edi.

