Yaponiya 2031-yil martigacha Tayvanga yaqin joylashgan Yonaguni oroliga o‘rta masofali zenit raketalarini joylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Sindzitiro Koizumi ma’lum qildi.
Yonaguni Yaponiyaning eng g‘arbiy nuqtasi hisoblanadi. Orol Tayvandan atigi 110 kilometr uzoqlikda joylashgan va ochiq havoda uning qirg‘oqlari ko‘rinadi.
Rasmiy muddat ilk bor ochiq aytildi
Raketa tizimlarini joylashtirish rejasi ilk bor 2022-yilda e’lon qilingan edi. Biroq aniq muddat endi ma’lum qilindi. Koizumi so‘zlariga ko‘ra, birlik 2030-moliya yili yakunigacha to‘liq shakllantiriladi.
Yangi tizimlar kirib kelayotgan samolyot va raketalarni urib tushirishga mo‘ljallangan. 2026-moliya yilida esa orolda elektron kurash bo‘linmasi ham tashkil etilishi rejalashtirilgan. U dushman aloqa va radar tizimlariga xalal berishga qodir bo‘ladi.

Hozirda Yonagunida qirg‘oq kuzatuv vazifalarini bajaruvchi 160 nafarga yaqin o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlari harbiylari xizmat qilmoqda.
Mintaqadagi keskinlik fonida qaror
Xitoy Tayvanni o‘z hududi deb biladi va “qayta birlashtirish” uchun kuch ishlatish ehtimolini inkor etmagan. So‘nggi yillarda Tayvan atrofida harbiy faollik kuchaygan.
Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi noyabr oyida Tayvanga hujum bo‘lsa, o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlari ishga tushirilishi mumkinligini aytgan edi. Bu bayonot Pekinning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.
Xitoy Yaponiyaga nisbatan bosimni kuchaytirdi. Harbiy kemalar yuborildi, noyob metallar eksportiga cheklovlar joriy qilindi, sayyohlik oqimi qisqartirildi.
Qaynoq24.uz Yaponiyada qor yog‘ishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 42 kishiga yetgani haqida yozgan edi.

