Yaponiyada qor yog‘ishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 42 kishiga yetdi

Foto: Nikkie Asia
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Yaponiyada qor yog‘ishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 42 kishiga yetdi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar bermoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim hududlarda qor qatlami 2 metrga yetgan. Mutaxassislar kuchli qor yog‘ishiga Arktikadan kelgan sovuq havo oqimi sabab bo‘lganini bildirmoqda. Uzoq vaqt davomida hudud ustida saqlanib qolgan sovuq havo Yaponiyada noodatiy darajada qattiq qishni keltirib chiqardi.

Yaponiya shimolidagi bir qator hududlarda transport harakati izdan chiqqan. Aomori prefekturasida mingdan ortiq uy elektr ta’minotisiz qolgan. Qor relslarni qoplab olgani sababli tezyurar poyezdlar qatnovi ham vaqtincha to‘xtatilgan.

Aomori prefekturasi hukumati zarur bo‘lgan hududlarga qor tozalovchi texnikalar va yuk mashinalarini yuborgan. Prefektura gubernatori Soichiro Miyashitaning aytishicha, ayrim yo‘llar yopilib qolishi mumkinligi sababli tez yordam va yong‘in xizmatlari bilan muvofiqlashtirilgan ishlar olib borilmoqda. Ayrim holatlarda shifokorlar va qutqaruvchilar manzilga piyoda yetib borishga majbur bo‘lgan.

Halok bo‘lganlarning aksariyati uy tomidan qor tozalash vaqtida yiqilib ketgan. Eng ko‘p qurbonlar Niigata prefekturasida qayd etilgan. Bu hududda 12 kishi qor bilan bog‘liq hodisalar oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Ular orasida yanvar oyida uyi tomida qulab tushgan 50 yoshli erkak ham bor.

Yaponiya hukumati vakillari ob-havo asta-sekin iliqlashayotganini, biroq bu ham xavflarni keltirib chiqarishini ogohlantirdi. Qor erishi natijasida ko‘chki va sirpanchiq yo‘llar yuzaga kelishi mumkinligi ta’kidlandi. Vazirlar Mahkamasi kotibi Minoru Kihara fuqarolarni xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

Mamlakat bo‘ylab jarohatlanganlar soni 393 nafarga yetgan. Ularning 126 nafari og‘ir tan jarohati olgan. 14 ta uyga zarar yetgan. Rasmiy prognozlarga ko‘ra, yaqin kunlarda Yaponiyaning shimoliy hududlarida yana kuchli qor yog‘ishi kutilmoqda.

Qaynoq24.uz Yaponiya okean tubidan noyob yer elementlarini topgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.