Yaqin Sharqdagi mojaro sabab neft 82 dollarga chiqdi

Foto: Pexels
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Eronning AQSh va Isroil zarbalariga javoban hujumlarni davom ettirishi ortidan jahon bozorlarida neft va gaz narxlari keskin oshdi.

Dushanba kuni Yevropa uchun benchmark gaz narxi kun davomida 50%gacha ko‘tarildi. Savdo yakunida esa 39% yuqoriroq darajada yopildi.

Bunga Qatarning yirik eksportchisi QatarEnergy harbiy hujumlar sabab suyuq gaz ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatgani turtki bo‘ldi.

Neft narxi ham tez oshdi. Brent markali neft qisqa muddatga 82 dolllar atrofida savdo qilindi. Dam olish kunlari Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida kamida uchta kema hujumga uchragani xabar qilingan. Eron mazkur strategik suv yo‘lagidan kemalarga o‘tmaslik haqida ogohlantirdi. Dunyo nefti va gazining qariyb 20% aynan shu yo‘lak orqali tashiladi.

Qatarda Ras-Laffan sanoat hududidagi obyekt dron hujumiga uchragani ma’lum qilindi. Saudiya Arabistonida esa Aramco kompaniyasi Ras Tanura neftni qayta ishlash zavodini vaqtincha yopdi. Xalqaro yuk tashish amalda sekinlashdi. Tahlilchilar mojaro cho‘zilsa, energiya narxlari yanada oshishi mumkinligini aytmoqda.

AQShda Nasdaq va S&P 500 indekslari dastlab pasaydi, biroq savdo oxirida biroz o‘sish bilan yopildi. Londonda FTSE 100 indeksi 1,2%ga tushdi. Yevropada ham salbiy kayfiyat ustun bo‘ldi. Fransiyaning CAC-40 indeksi 2,2%ga, Germaniyaning DAX indeksi 2,6%ga pasaydi.

Mutaxassislar uzoq davom etuvchi mojaro sharoitida neft 100 dollardan ham oshishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu esa inflyatsiya bosimini kuchaytiradi. Energiya narxining oshishi oziq-ovqat va sanoat xomashyosi narxlariga ham ta’sir qiladi.

OPEC+ guruhi vaziyatni yumshatish maqsadida ishlab chiqarishni kuniga 206 ming barrelga oshirishga kelishdi. Biroq ayrim ekspertlar bu qadam narx o‘sishini to‘liq jilovlay olmasligini bildirgan.

Qaynoq24.uz Eron janubida maktabga berilgan zarba oqibatida 153 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.