Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 90 milliard yevro miqdorida kredit ajratish bo‘yicha qarori Bryusselda o‘tgan sammit ortida kechgan murakkab va yopiq muzokaralar natijasida qabul qilingan. Euronews diplomatik manbalarga tayanib, ushbu kelishuv qanday shakllangani tafsilotlarini yoritdi.
Mazkur sammit Yevropa va Ukraina munosabatlari uchun burilish nuqtasi sifatida baholangan. Garchi uchrashuv rasmiy reja asosida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan bo‘lsa-da, asosiy qarorlar an’anaviy tarzda yopiq uchrashuvlar va norasmiy muloqotlar jarayonida qabul qilingan.
Dastlab Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun innovatsion yechim — Rossiyaning Yevropada, asosan Belgiyada muzlatib qo‘yilgan aktivlari hisobidan “reparatsion kredit” ajratish rejasi muhokamaga qo‘yilgan. Ushbu tashabbus Germaniya kansleri Fridrix Merts, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen hamda Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Biroq Belgiya bosh vaziri Bart de Vever ushbu reja mamlakatining moliya tizimi va hatto yevrozona barqarorligiga xavf tug‘dirishini ta’kidlab, keskin qarshilik bildirgan.
Natijada Yevropa Ittifoqi reparatsion kredit g‘oyasidan voz kechib, Ukrainaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yirik moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha muqobil kelishuvga kelgan. Ushbu qaror YI yetakchilarining yakuniy murosasi sifatida shakllangan.
Muzokaralarning muhim bosqichlaridan biri chorshanba oqshomida bo‘lib o‘tgan ishchi kechki ovqatda yuz bergan. Rasmiy ravishda Yevropa Ittifoqining kengayishi masalalariga bag‘ishlangan ushbu yig‘ilishda amalda Ukraina kelajagi, urush fonida mamlakatni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va AQShning ehtiyotkor pozitsiyasi muhokama qilingan.
Qaynoq24.uz Turkiyada Yevropa Ittifoqidagi kelishmovchilik sababi ochiqlangani haqida yozgan edi.

