YI 2027-yil oxirigacha Rossiyadan gaz importini to‘liq to‘xtatadi. Qaror 26-yanvar kuni Bryusselda energiya vazirlari darajasida tasdiqlandi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Rejaga ko‘ra, Rossiyadan suyultirilgan gaz importi 2026-yil oxirigacha to‘xtatiladi. Quvur orqali yetkazib berish 2027-yil 30-sentabrgacha bekor qilinadi. Zarurat tug‘ilsa, muddat 1-noyabrgacha cho‘zilishi mumkin.
Qarorga qarshi Vengriya va Slovakiya ovoz berdi. Biroq malakali ko‘pchilik yetarli bo‘ldi. Budapesht qarorni Yevropa Ittifoqi sudida ko‘rib chiqmoqchi.
Yangi qonun kuchga kirgach, Rossiya bilan gaz bo‘yicha yangi shartnomalar tuzish ham taqiqlanadi. Ushbu norma olti hafta ichida amalda bo‘ladi.
Hujjat Germaniya uchun Nord Stream quvurlarini ishga tushirish ehtimolini ham yakuniy ravishda yopadi. 2024-yilda YI gaz importining taxminan 19 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelgan. Shunga qaramay, YI o‘sha yili Rossiya budjetiga oyiga o‘rtacha 1,5 mlrd yevro to‘lagan.
Qaynoq24.uz Fransiya O‘rtayer dengizida Rossiyaning tankerini to‘xtatgani haqida yozgan edi.

