Zohran Mamdani Nyu-York meri bo‘ldi

Foto: Getty images
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

BBC xabariga ko‘ra, Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan saylovlarda 33 yoshli Zohran Mamdani g‘alaba qozonib, shahar meri etib saylandi. U 1892-yildan beri eng yosh mer, shuningdek, shahar tarixida birinchi musulmon va Afrikada tug‘ilgan ilk rahbar bo‘ldi.

Mamdani saylov kampaniyasini katta moliyaviy ko‘mak va partiyaviy tayanchsiz boshlagan edi. Shunga qaramay, u sobiq gubernator Endryu Kuomo hamda respublikachi Kurtis Silvani ortda qoldirib, kutilmagan muvaffaqiyatga erishdi. Kuzatuvchilarning fikricha, bu demokratlarning chap qanotida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.

Foto: The New Yorker

Yosh siyosatchi o‘zini demokratik sotsialist deb ataydi. U bepul bolalar bog‘chalari, ommaviy transportni kengaytirish va davlatning bozor jarayonlariga faol aralashuvini ilgari suradi. Mamdani ayni paytda ishchi sinf vakillarining manfaatlarini himoya qilib, iqtisodiy tengsizlikka qarshi chiqadi.

Biroq uning siyosiy yo‘nalishi barcha tomonidan ham ijobiy baholanmagan. Tanqidchilar bu kabi radikal qarashlarga ega nomzodlar AQShning ko‘p shtatlarida saylovda muvaffaqiyat qozona olmasligini ta’kidlashmoqda. Shunga qaramay, Nyu-York saylovchilari Mamdani orqali demokratik tizimdagi eski siyosiy elitaga norozilik kayfiyatini ifoda etishdi.

Foto: Getty images

Yangi mer oldida jiddiy sinovlar turibdi. Avvalgi mer Bill de Blazio ham ijtimoiy tenglik va adolat shiorlari bilan hokimiyatga kelgan, ammo sakkiz yil o‘tib xalq noroziligi bilan lavozimini tark etgan edi. Mutaxassislar Mamdanining hokimiyat vakolati, moliyaviy cheklovlar va siyosiy bosimlar tufayli o‘xshash muammolarga duch kelishini taxmin qilmoqda.

Nyu-York gubernatori Keti Xochul esa Mamdanining soliq siyosatini ochiqchasiga tanqid qilgan. Shu bois yangi mer iqtisodiy dasturlarini amalga oshirishda biznes doiralari bilan murosaga borishiga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, Mamdani Yaqin Sharq siyosati bo‘yicha keskin bayonotlari bilan ham e’tibor qozongan. U Isroilning G‘azo urushidagi harakatlarini qoralab, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Nyu-Yorkka tashrif buyursa, “urush jinoyatchisi sifatida hibsga olinadi” degan edi. Bu fikrlar uning merlik davrida xalqaro diplomatik tortishuvlarga sabab bo‘lishi mumkin.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.