O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini tartibga soluvchi yangi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi nizomga ko‘ra, oliy ta’lim tizimini tashkil etish, o‘quv jarayoni, boshqaruv va moliyaviy munosabatlar qayta belgilandi. Shuningdek, talabalar hamda pedagog xodimlarning huquq va majburiyatlari aniq ko‘rsatib o‘tildi. Oliy ta’lim bakalavriat va magistratura bosqichlari orqali amalga oshiriladi. Bakalavriat ta’limi kamida 3 yil davom etadi. Sirtqi va kechki ta’lim shakllarida esa o‘qish muddati kunduzgi shaklga nisbatan uzoqroq bo‘ladi.
Ta’lim jarayoni kunduzgi, masofaviy, dual va inklyuziv shakllarda tashkil etiladi. O‘quv dasturlari mehnat bozori talablariga mos bo‘lishi uchun ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Talabalarga bir qator huquqlar berildi. Ular ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar kiritishi, muhokamalarda ishtirok etishi, kutubxona va axborot resurslaridan bepul foydalanishi mumkin. Shuningdek, xalqaro almashinuv dasturlarida qatnashish va oliy ta’lim muassasasi qarorlari ustidan shikoyat qilish huquqi ham belgilandi.
Kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan talabalar stipendiya oladi. Ular mehnat qonunchiligiga muvofiq ishlashi ham mumkin. Yangi tartibga ko‘ra, talabalarni o‘qish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi. Talabalar esa ichki tartib va odob-axloq qoidalariga rioya qilishi shart.
Ta’lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, u Yevropa kredit tizimiga moslashtiriladi. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.
Qaynoq24.uz Favqulodda vaziyatlar sohasida kadrlar tayyorlash tizimi isloh qilinishi haqida yozgan edi.

