Nubia kompaniyasi o‘rta segment uchun mo‘ljallangan yangi geymer smartfon — Neo 5 Pro modelini taqdim etdi. Qurilma Filippin bozorida sotuvga chiqdi va narxi taxminan $250 atrofida belgilandi.
Yangi model 6,8 dyuymli OLED displey bilan jihozlangan. Ekran 120 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi va o‘yinlar uchun silliq tasvirni ta’minlaydi. Qurilma UNISOC T9100 protsessori asosida ishlaydi va grafik ishlash uchun Mali-G57 chipidan foydalanadi.

Smartfonning asosiy afzalliklaridan biri — geyming funksiyalari. Unda 550 Hz tezlikdagi maxsus yon tugmalar mavjud bo‘lib, ular ayniqsa shooter va action o‘yinlarda qulaylik yaratadi. Shuningdek, qurilmada 20 000 mm² sovitish tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, uzoq vaqt o‘yin o‘ynaganda qizib ketishni kamaytiradi.
Batareya hajmi 6000 mAhni tashkil etadi. Qurilma 80 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa smartfonni qisqa vaqt ichida to‘liq zaryadlash imkonini beradi.

Model 12 GB operativ xotira va 256 GB ichki xotira bilan taqdim etilgan. Bundan tashqari, stereo karnaylar, chang va suvdan himoya (IP64) hamda yon tomonda joylashgan barmoq izi skaneri ham mavjud.
Neo 5 Pro Nubia’ning yangi geymerlar seriyasidagi o‘rta model hisoblanadi. U yuqori narxdagi flagmanlarga nisbatan arzonroq bo‘lsa-da, o‘yin uchun zarur funksiyalarni taqdim etishi bilan ajralib turadi.
Qaynoq24.uz Infinix Note 60 Pro taqdimoti oldidan asosiy xususiyatlar oshkor bo‘lgani haqida yozgan edi.

