Samsung Galaxy S26 Ultra foydalanuvchilaridan biri yangi smartfon xarid qilganidan bir necha kun o‘tib kamera bilan bog‘liq muammoga duch keldi. Holat Samsung’ning rasmiy forumida muhokama qilinmoqda.
Foydalanuvchining aytishicha, kamera ilovasini ochganda ayrim funksiyalar ishlamasligi haqida ogohlantirish chiqadi. Ob’ektivlar o‘rtasida o‘tishda esa tizim “linzadan foydalanib bo‘lmaydi” degan xabarni ko‘rsatadi. Qimmat flagman model uchun bunday nosozlik jiddiy muammo sifatida baholanmoqda.

Muammoni hal qilish uchun foydalanuvchi ikki marta servis markaziga murojaat qilgan. Har ikki holatda ham diagnostika qurilma normal ishlayotganini ko‘rsatgan. Servis mutaxassislari hech qanday apparat nosozligi yo‘qligini bildirgan. Biroq vaziyat keyin yanada murakkablashgan. Foydalanuvchi Samsung Members orqali tizim loglarini ulashgan. Ushbu ma’lumotlarni tekshirgan moderator, kamera jamoasiga aloqador ekanini aytib, boshqa xulosaga kelgan.

Unga ko‘ra, smartfondagi ultrakeng burchakli kamera moduli nosoz bo‘lishi mumkin. Moderator modulni almashtirishni tavsiya qilgan va yana servisga murojaat qilishni maslahat bergan. Natijada ikki xil xulosa yuzaga kelgan. Servis markazi qurilmada muammo yo‘q deydi, tizim loglari esa apparatdagi nosozlikni ko‘rsatmoqda. Bu esa foydalanuvchini qiyin holatga solib qo‘ymoqda.
Hozircha kompaniya ushbu aniq holat bo‘yicha rasmiy izoh bermagan. Mutaxassislar bu yagona holat bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Ammo bu voqea servis tizimi va texnik tekshiruvlar o‘rtasidagi nomuvofiqlik masalasini kun tartibiga olib chiqdi.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy A57 smartfonining narxi arzonlagani haqida yozgan edi.

