Samarqand viloyatida mashinasozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan yangi qaror qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Hujjatga ko‘ra, viloyatda mashinasozlik klasterini shakllantirish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi. Shu orqali 2030-yilgacha sanoatda mashinasozlik tarmog‘ining ulushi 15 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, sanoatda qo‘shilgan qiymat ulushi 40 foizgacha oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Qaror doirasida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida 100 gektar yer maydonida maxsus mashinasozlik sanoat zonasi tashkil etiladi. Ushbu hududda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari yo‘lga qo‘yiladi. Yangi zonada yiliga 10 ming dona tijorat transport vositalari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ular qatoriga yuk avtomobillari, avtobuslar, mikroavtobuslar, pikaplar va maxsus texnikalar kiradi. Shuningdek, elektrda harakatlanuvchi transport vositalarini ishlab chiqarish ham nazarda tutilgan.
Mazkur sanoat zonasi ishtirokchilari sifatida faqat belgilangan toifadagi transport vositalari va ular uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bu N, M2, M3, O va L toifalariga kiruvchi texnikalarni qamrab oladi.
Loyihani boshqarish “Samarqand viloyati sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi zimmasiga yuklatildi. Ushbu tashabbus hududda sanoatni diversifikatsiya qilish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz rassom va haykaltaroshlar uchun yangi tartib joriy etilgani haqida yozgan edi.

