NATO rahbariyati yillik sammitlardan voz kechish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Reuters agentligi diplomatik manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday qaror Donald Tramp bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlarning oldini olish maqsadida muhokama qilinmoqda. Xususan, Trampning prezidentlik muddati yakuniga yaqinlashgan davrda sammitlar keskin tortishuvlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Diplomatlarning fikricha, 2027-yilda Albaniyada rejalashtirilgan sammit o‘tkaziladi. Ammo 2028-yilda uchrashuv bekor qilinishi ehtimoli mavjud. Aynan shu yili AQShda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. So‘nggi yillarda NATO sammitlari har yili o‘tkazib kelinmoqda. Bu amaliyot 2001-yildan beri davom etib kelayotgan edi. Biroq ayrim a’zolar uchrashuvlar sonini kamaytirishni taklif qilmoqda.
Tramp bir necha bor alyans a’zolarini tanqid qilgan. U ayniqsa, AQSh va Isroilning Eronga qarshi mojarosida boshqa davlatlar yetarli darajada qo‘llab-quvvatlamaganini ta’kidlagan.
NATO rasmiylari esa sammitlar bekor qilinsa ham muloqot to‘xtamasligini bildirdi. Unga ko‘ra, davlatlar rahbarlari muntazam maslahatlashuvlarni davom ettiradi va xavfsizlik bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayoni saqlanib qoladi.
Qaynoq24.uz AQSh NATO bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishi haqida yozgan edi.

