Shveysariyada sobiq prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova ustidan sirtdan sud jarayoni boshlandi. Sud Bellinzona shahridagi Federal jinoiy sudda o‘tkazilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sud 27-aprel kuni boshlangan va 22-maygacha davom etishi kutilmoqda. Gulnora Karimova sudda shaxsan ishtirok eta olmaydi. U hozirda O‘zbekistonda jazoni o‘tamoqda.
Shveytsarida prokuraturasi uni jinoiy guruh tuzish, poraxo‘rlik va pul yuvishda ayblamoqda. Tergovga ko‘ra, Karimova “Ofis” deb atalgan tuzilmani tashkil etgan va uni boshqargan. Ushbu tizim orqali yuzlab million dollarlik mablag‘lar turli davlatlarga joylashtirilgani aytilmoqda.
Ayblovlarga ko‘ra, chet el kompaniyalari O‘zbekistonda telekommunikatsiya sohasiga kirish uchun Karimova bilan bog‘liq tuzilmalarga pora bergan. Ushbu faoliyat 2005-yildan 2013-yilgacha davom etgani ta’kidlanmoqda.

Mazkur ish doirasida Shveysariyaning Lombard Odier banki va uning sobiq xodimiga ham ayblov qo‘yilgan. Prokuratura bankni noqonuniy daromadlarni yashirishda muhim rol o‘ynagan deb hisoblaydi. Bank esa bu ayblovlarni rad etib, o‘z pozitsiyasini sudda himoya qilishini bildirgan.
Gulnora Karimova O‘zbekistonda ham bir necha jinoyat ishlari bo‘yicha sudlangan. Unga nisbatan turli yillarda o‘g‘irlik, soliqdan bo‘yin tovlash, tovlamachilik va pul yuvish kabi ayblovlar bilan jami 13 yildan ortiq ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Karimova bilan bog‘liq aktivlar Shveysariyada 686 mln dollar atrofida baholangan. Yana qariyb 1,4 mlrd dollar mablag‘ boshqa davlatlarda saqlanayotgani qayd etilgan. 2025-yilda Shveysariya O‘zbekistonga 182 mln dollar mablag‘ni qaytarishga rozilik bildirgan edi. Ushbu mablag‘lar Karimova ishi doirasida musodara qilingan.
Qaynoq24.uz Shveysariyada 2300 yillik ikki noyob kelt oltin tangasi topilgani haqida yozgan edi.

