Trampning Grenlandiya bo‘yicha maxsus vakili Nuuk shahriga bordi

Foto: Pexels / Jean-Christophe André
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya bo‘yicha maxsus vakili, Luiziana shtati gubernatori Jeff Landri Nuuk shahriga bir necha kunlik tashrif bilan bordi. Bu haqda AFP agentligi va Grenlandiyaning Sermitsiaq gazetasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu Landrining ushbu lavozimga tayinlanganidan keyingi Grenlandiyaga ilk tashrifidir. U 19–20-may kunlari Future Greenland 2026 iqtisodiy forumida ishtirok etadi. Forum mintaqaga investorlar, siyosatchilar va biznes yetakchilarini jalb qilish orqali Grenlandiyaga sarmoya oqimini oshirishga qaratilgan.

Landri Nuuk shahriga yana taxminan yetti kishilik delegatsiya bilan kelgan. Sermitsiaq ma’lumotiga ko‘ra, bir nechta xususiy avtomobil aeroportda bevosita samolyot yoniga borgan. DR nashri jurnalisti bilan suhbatda Landri Tramp unga safar oldidan bergan tavsiyasi haqida gapirdi.

Mahalliy nashrga ko‘ra, AQSh delegatsiyasi Nuuk markazidagi mehmonxonaga joylashgan. Delegatsiya o‘zi bilan MAGA, ya’ni Make America Great Again yozuvli kepkalar solingan qutilarni ham olib kelgan.

AQShning Daniyadagi elchisi Ken Xaueri ham 18-may kuni Grenlandiyaga borishi kutilmoqda.

AQSh elchixonasi bayonotida aytilishicha, amerikalik rasmiylar Grenlandiya aholisi bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Ular iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, odamlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish va AQSh bilan Grenlandiya o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qiladi.

Donald Tramp Jeff Landrini 2025-yil 22-dekabrda Grenlandiya bo‘yicha maxsus vakil etib tayinlagan edi. O‘sha vaqtda Daniya OAV AQSh ma’muriyati Grenlandiya rasmiylari bilan Daniya hukumatini chetlab o‘tgan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga urinayotganini yozgan.

Tramp avval ham Vashington milliy xavfsizlik sabab Grenlandiyani nazorat qilishi kerakligini bir necha bor bildirgan. Uning fikricha, aks holda orol xavfsizligiga Xitoy yoki Rossiya tahdid solishi mumkin. Politico yanvar oyida AQSh ma’muriyati Grenlandiya bilan erkin assotsiatsiya bo‘yicha kelishuv loyihasini tayyorlayotgani haqida yozgan edi. Nashrga ko‘ra, Tramp bu hujjatni Kopengagenni chetlab o‘tgan holda Grenlandiya rasmiylariga taklif qilishi mumkin.

Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen 12-may kuni Grenlandiya, Daniya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar hali aniq kelishuvga olib kelmaganini aytdi. Shu bilan birga, u ayrim masalalarda ma’lum siljish borligini qayd etdi.

Qaynoq24.uz Donald Tramp Grenlandiya masalasida keskin bayonot bergani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.