Samsung kompaniyasi AQSh smartfon bozorida mijozlar qoniqishi bo‘yicha Apple’dan o‘zib ketdi. Bu haqda American Customer Satisfaction Index, ya’ni ACSI hisobotida ma’lum qilindi.
Yangi so‘rov natijalariga ko‘ra, Samsung 81 ball to‘plagan. Apple esa 80 ball bilan ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. O‘tgan yili ikki kompaniya bu reytingda teng natija ko‘rsatgan edi. Hisobotga ko‘ra, smartfonlar bo‘yicha umumiy qoniqish darajasi ham biroz oshgan. Soha ko‘rsatkichi 1 foizga o‘sib, 79 ballga yetgan. Avvalgi yilda esa bu yo‘nalishda pasayish kuzatilgan edi.
ACSI mutaxassislariga ko‘ra, foydalanuvchilar zamonaviy smartfon funksiyalarini endi ko‘proq amaliy jihatdan baholamoqda. Yangi imkoniyatlar faqat reklama vositasi sifatida emas, kundalik foydalanish uchun foydali yechim sifatida qabul qilinmoqda.
Qoniqish darajasiga batareya ishlashining yaxshilanishi ham ijobiy ta’sir qilgan. Shuningdek, sun’iy intellektga asoslangan funksiyalar bu yil ilk bor baholash mezonlariga kiritilgan. So‘rovda qatnashgan foydalanuvchilar AI vositalarini tajriba bosqichidagi funksiya emas, balki foydali imkoniyat sifatida ko‘rmoqda.
Alohida smartfon modellari kesimida premium flagmanlar eng yuqori natijalarni qayd etgan. Samsung Galaxy S seriyasi 84 ball bilan yetakchi bo‘lgan. Apple’ning so‘nggi iPhone modellari 82 ball olgan. Google flagman smartfonlari esa 80 ball bilan keyingi o‘rinni egallagan.
Hisobotda bukiluvchi smartfonlar bozori ham tahlil qilingan. Bu segmentda Samsung Google va Motorola’dan oldinda qolmoqda. Shu bilan birga, bukiluvchi qurilmalar odatiy smartfonlarga qaraganda ko‘proq shikoyat olgan. Bu esa segmentda hali hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar borligini ko‘rsatadi. ACSI so‘rovi 20 mingdan ortiq foydalanuvchi fikri asosida tayyorlangan.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy S26 FE sinovlarini boshlagan bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edi.

