Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasi IPO orqali kompaniya $75 mlrd atrofida mablag‘ jalb qilishi mumkin. Bu esa uni tarixdagi eng yirik IPOlardan biriga aylantiradi.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, SpaceX aksiyalari Nasdaq birjasida SPCX tikeri ostida savdoga chiqarilishi kutilmoqda. Kompaniya aksiyalari savdosi iyun oyida boshlanishi mumkin. Investorlar uchun taqdimotlar 4-iyundan boshlanishi rejalashtirilgan.
Kompaniya AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga hujjat topshirgan. Unda Ilon Mask IPOdan keyin ham SpaceX bosh direktori, texnik direktori va direktorlar kengashi raisi lavozimlarida qolishi ko‘rsatilgan.
SpaceX 24 yillik faoliyati davomida ilk bor moliyaviy ko‘rsatkichlarini ochiqladi. 2025-yilda kompaniya daromadi $18,7 mlrdni tashkil etgan. Shu bilan birga, operatsion zarar $2,6 mlrd bo‘lgan. Bu yo‘qotishlar yangi avlod raketalari va sun’iy intellekt texnologiyalariga katta xarajatlar bilan izohlanmoqda.
Reuters yozishicha, SpaceX yaqin yillarda aksiyadorlarga dividend to‘lashni rejalashtirmayapti. Kompaniya jalb qilinadigan mablag‘larni uzoq muddatli loyihalar, jumladan kosmik infratuzilma, Starlink tarmog‘i va yangi raketa texnologiyalariga yo‘naltirishi mumkin.
SpaceX 2002-yilda tashkil etilgan. Kompaniya qayta foydalaniladigan raketalar orqali aerokosmik sohada katta o‘zgarish qildi. Uning Starlink loyihasi butun dunyo bo‘ylab sun’iy yo‘ldosh internetini taqdim etishga qaratilgan.
Agar IPO muvaffaqiyatli o‘tsa, SpaceX nafaqat kosmik sanoatdagi, balki jahon fond bozoridagi eng yirik texnologik kompaniyalardan biriga aylanishi mumkin. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, kompaniyaning baholanishi $1,75 trln atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Ilon Mask Oy missiyasiga e’tibor qaratishi haqida yozgan edi.

