SpaceX kompaniyasi Starship V3 kosmik tizimining navbatdagi sinov parvozini o‘tkazdi. Raketa Texasdagi Starbase kosmodromidan uchirildi va parvozning asosiy bosqichlarini bajardi.
Sinov 22-may kuni AQSh vaqti bilan amalga oshirildi. Parvoz Starship dasturi doirasidagi 12-sinov bo‘ldi. Bu safar kompaniya Starship V3 versiyasini ilk bor real parvoz sharoitida tekshirdi.
Starship yuqori bosqichi kosmosga chiqdi va 20 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshi imitatorini orbitaga chiqarish vazifasini bajardi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, sinov davomida yana ikkita test qurilmasi ham joylashtirilgan. Parvoz yakunida Starship atmosferaga qayta kirdi. Kema Hind okeanida boshqariladigan tarzda suvga qo‘ndirildi. SpaceX prototipni qayta ishlatishni rejalashtirmagan, shuning uchun suvga qo‘nish sinovning bir qismi bo‘lgan.
Sinov muammosiz o‘tmadi. Parvoz vaqtida yuqori bosqichdagi olti dvigateldan biri ishdan chiqqani xabar qilindi. Shunga qaramay, kema parvoz dasturining asosiy qismini bajara oldi. Super Heavy tezlatkichi ham rejalashtirilgan barcha manevrlarni to‘liq yakunlamagan, ammo sinov umumiy hisobda muvaffaqiyatli deb baholandi.
Starship hozircha insoniyat tarixidagi eng yirik va eng kuchli raketa-kosmik tizim hisoblanadi. Uning balandligi taxminan 124 metrga yetadi. Tizim ikki qismdan iborat: Super Heavy tezlatkichi va Starship kosmik kemasi. Har ikki qism kelajakda qayta foydalanishga mo‘ljallangan.
SpaceX ushbu tizim orqali kosmik parvozlar narxini kamaytirishni maqsad qilgan. Kompaniya Starship’dan sun’iy yo‘ldoshlarni orbitaga chiqarish, Oy missiyalari va Marsga parvozlar uchun foydalanmoqchi.
NASA ham Starship’ni Artemis dasturi doirasida qo‘llashni rejalashtirgan. Maqsadlardan biri 2028-yilda astronavtlarni Oyga yetkazishdir. Elon Mask esa uzoq muddatda Marsda aholi yashashi mumkin bo‘lgan manzil yaratishni reja qilmoqda.
Bu sinov SpaceX uchun muhim bosqich bo‘ldi. Chunki avvalgi Starship prototiplari bir necha bor muammolarga duch kelgan. 2023-yildagi ilk to‘liq sinov parvozi portlash bilan yakunlangan edi. 2026-yilgi V3 sinovi esa yangi texnik yechimlar va takomillashtirilgan tizimlarni tekshirish imkonini berdi.
Qaynoq24.uz SpaceX tarixdagi eng yirik IPOlardan biriga tayyorlanayotgani haqida yozgan edi.

