Nepal orqali Everestga bir kunda rekord darajada alpinist chiqdi

Foto: Pexels
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Nepal orqali Everest cho‘qqisiga bir kunda 274 nafar alpinist ko‘tarildi. Bu tog‘ning janubiy yo‘nalishi bo‘yicha yangi rekord hisoblanadi.

Bu yilgi bahorgi mavsum kechroq boshlangan edi. Bunga katta muz bo‘lagi alpinistlar yo‘lini to‘sib qo‘ygani sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng qulay ob-havo paydo bo‘lishi bilan ko‘plab alpinistlar bir vaqtda cho‘qqiga chiqishga harakat qilgan.

Nepal turizm departamenti vakili Ximlal Gautamning Everest Chronicle’ga aytishicha, ko‘tarilishlar mahalliy vaqt bilan soat 03:00 da boshlangan. Jarayon 11 soat davom etgan. Yangi ko‘rsatkich 2019-yil 22-maydagi rekorddan oshdi. O‘sha kuni Nepal tomondan Everestga 223 nafar alpinist chiqqan edi.

2019-yilning o‘sha kunida Tibetdagi shimoliy yo‘nalish orqali yana 113 nafar alpinist cho‘qqiga chiqqan. Biroq Xitoy bu mavsumda ushbu yo‘nalishni xorijiy alpinistlar uchun yopib qo‘ygan. Bu yil Everestga chiqish uchun qariyb 500 nafar xorijiy alpinist ruxsatnoma olgan. Bu ham rekord ko‘rsatkichdir. Odatda ko‘pchilik alpinistlar kamida bitta nepallik gid bilan harakatlanadi. Gidlar uchun esa alohida ruxsatnoma talab qilinmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda alpinistlarning qorli yonbag‘irlar bo‘ylab uzun navbat hosil qilgani ko‘rinadi. Bu hudud “o‘lim zonasi” deb ataladi. U dengiz sathidan kamida 8 ming metr balandlikda joylashgan.

Bunday balandlikda ko‘pchilik qo‘shimcha kisloroddan foydalanadi. Mutaxassislar bu zonada 20 soatdan ortiq qolmaslikni tavsiya qiladi. Everestga qiziqish ruxsatnoma narxi oshganiga qaramay kamaymagan. O‘tgan yil sentabrdan buyon alpinistlar ruxsatnoma uchun $15 ming to‘laydi. Avval bu to‘lov $11 ming edi. Ekspeditsiya tashkilotchilari tirbandlik xavfi borligini tan olmoqda. Biroq ularni boshqarish mumkinligini aytmoqda.

Avstriyadagi Furtenbach Adventures kompaniyasi vakili Lukas Furtenbax Reuters’ga jamoalarda yetarli kislorod bo‘lsa, bu katta muammo emasligini aytgan. Uning fikricha, Alp tog‘laridagi ayrim cho‘qqilarda har kuni minglab odam bo‘ladi. Shu sabab Everest uchun 274 kishi juda katta raqam emas.

So‘nggi haftada Everestga tajribali alpinistlar ham, yangi boshlovchilar ham chiqqan. Ularning ayrimlari yangi rekordlar o‘rnatdi.

Qaynoq24.uz Qozog‘iston tog‘larida alpinist halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.