Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakati Hizbullohga qarshi hujumlarni kuchaytirishini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi. Isroil armiyasi Livanning turli hududlarida yangi zarbalar boshlanganini bildirgan.
Isroil mudofaa kuchlari Livanning sharqidagi Bekaa vodiysi va boshqa hududlarda Hizbulloh obyektlariga zarbalar berilganini ma’lum qildi. Bekaa vodiysi Livanning Suriya bilan chegarasiga yaqin qismida joylashgan.
Netanyaxu dushanba kuni videomurojaat bilan chiqdi. U Isroil “Hizbulloh bilan urush holatida” ekanini aytdi. Bosh vazir armiyaga guruhga “hal qiluvchi zarba berish” topshirig‘i berilganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil harbiy amaliyotlari davomida 600 dan ortiq jangari yo‘q qilingan. Hizbulloh Isroil harakatlariga javoban 22 ta dron va raketa hujumi uyushtirganini bildirdi. Guruh nishonlar orasida Isroil askarlari, tanklari, kazarmalari va binolari bo‘lganini aytdi.
Hizbulloh bu hujumlarni Isroilning sulhni buzganiga javob deb atadi. Isroil esa Livan janubidan dron va raketalar uchirilayotganini da’vo qilmoqda.
Avvalroq Livan va Isroil 45 kunlik sulh muddatini uzaytirishga kelishib olgan edi. Shunga qaramay, ayrim hududlarda to‘qnashuvlar davom etmoqda.
Isroil hukumatining o‘ng qanot vazirlari Besalel Smotrich va Itamar Ben-Gvir harbiy kampaniyani kengaytirishga chaqirdi. Ular zarbalar Bayrutgacha yetkazilishi kerakligini bildirgan. Isroil hukumati Hizbullohga qarshi janglarni to‘xtatishga qarshi chiqmoqda.
Qaynoq24.uz intenernet nashri sal avvalroq Isroilning Livanga zarbalari oqibatida 6 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

