Geely EX2 avtomobili qanday yangilanadi

Foto: Geely
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Geely kompaniyasining Geely EX2 avtomobili yangilangan versiyada taqdim etiladi. Kompaniya modelni 28-may kuni Xitoy bozorida rasman chiqaradi.

Mahalliy bozorda Xingyuan nomi bilan tanilgan elektromobil kichik dizayn o‘zgarishlari va yaxshilangan batareya bilan yangilanmoqda. Hozirgi versiya 68,8 mingdan 87,8 ming yuangacha, ya’ni taxminan $10,1 mingdan $12,9 minggacha sotilmoqda. Yangilangan model narxi hozircha e’lon qilinmagan.

EX2 ilk bor 2024-yilda Geely’ning Geome sub-brendi ostida chiqarilgan. Keyinchalik model Galaxy brendi tarkibiga o‘tkazildi. China EV Datatracker ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda ushbu modeldan 465,7 ming dona yetkazib berilgan va u Xitoyda eng ko‘p sotilgan avtomobilga aylangan.

Yangilangan EX2’da Galaxy logotiplari va yangi aero-g‘ildirak qopqoqlari paydo bo‘ladi. Asosiy texnik yangilik esa LFP batareyalariga tegishli. Endi avtomobil 35 kVt/soat va 47 kVt/soat sig‘imli batareya bilan taklif etiladi. Ular mos ravishda 360 km va 460 km CLTC yurish zaxirasini ta’minlaydi.

Elektromotorlar katta ehtimol bilan avvalgidek qoladi. Kichik batareyali versiya 58 kVt, kattaroq batareyali model esa 85 kVt quvvatli orqa elektromotor bilan jihozlanadi. Avtomobil faqat orqa g‘ildirakdan tortuvchi tizimda ishlab chiqariladi.

Hozirgi EX2 tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Geely ma’lumotiga ko‘ra, batareyani 30 foizdan 80 foizgacha quvvatlash 21 daqiqa vaqt oladi. Yangilangan modelda bu ko‘rsatkich yanada yaxshilanishi kutilmoqda.

Model raqobatchilariga nisbatan ayrim ustunliklarga ega. Jumladan, barcha versiyalarda batareyani suyuqlik bilan sovitish tizimi mavjud. Bu BYD Seagull va Wuling Binguo kabi arzon elektromobillarga qarshi muhim afzallik hisoblanadi.

Geely EX2 uzunligi 4 135 mm, eni 1 805 mm, balandligi 1 570 mmni tashkil etadi. G‘ildiraklar bazasi 2 650 mmga teng. Old qismda McPherson, orqa qismda esa ko‘p richagli mustaqil osma ishlatiladi.

Qaynoq24.uz Chevrolet Cobalt narxidagi Geely Galaxy Starshine 7 avtomobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.