O‘zbekistonda chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibi belgilandi. Bu haqda hukumatning Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, chet el fuqarosi maxsus soliq rejimidan foydalanish uchun ariza topshiradi. Ariza Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, my.gov.uz orqali yuboriladi. Shuningdek, arizani Elektron soliq xizmatlari portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali ham topshirish mumkin.
Arizaga chet el pasporti nusxasi ilova qilinadi. Bundan tashqari, fuqaroning O‘zbekistonda bo‘lish muddatini tasdiqlovchi hujjat ham taqdim etiladi. Bunday hujjat sifatida viza yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatlar ko‘rsatilishi mumkin. Soliq qo‘mitasi maxsus soliq rejimini taqdim etish komissiyasi xulosasi asosida qaror qabul qiladi. Arizani ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha chet el fuqarosiga bir ish kuni ichida xabarnoma yuboriladi.
Ijobiy xulosa olgan chet el fuqarosi bank hisobvarag‘i yoki kripto-hamyon ochadi. Shundan so‘ng u $50 ming miqdorida maxsus yig‘im to‘laydi. Maxsus soliq rejimi belgilangan talablarni bajargan chet el fuqarolariga beriladi. Ushbu rejim ularning voyaga yetgan yaqin qarindoshlariga ham tatbiq etilishi mumkin.
Rejim arizada ko‘rsatilgan soliq davri uchun beriladi. Biroq uning muddati besh yildan oshmasligi kerak.
Qaynoq24.uz Soliq auditlarida 3,9 trln so‘mlik holat aniqlangani haqida yozgan edi.

